Shovqinli shahardan olib ketib bosh,
Sening yoninggacha keldim-a arang.
Koʻzimda mavjlanib ikki tomchi yosh,
Sening qismatingga boqaman garang.
Ikkimiz sirdoshmiz - olamdan yiroq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!
Dillar tosh bo‘libdi, tuyg‘ular arzon,
Hamma o‘z taxtini, baxtini izlar,
Sening sukunating yonida g‘arib,
Bedod bu tuygʻular arzini so‘zlar.
Ko‘ksingga berkinib yig‘lasam koʻproq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!
Yashash nima o‘zi - bir qisqa tushmi,
Seni bir bor ko‘rib, so‘ng to‘ymay ketmoq?
Bag‘ringda uchgan u - baxtiyor qushmi,
Yoki roʻyolarga bir lahza yetmoq,
Mening bor dunyoda dardlar bir quchoq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!
Ertaga men yana qaytaman ortga,
Meni oʻsha eski gʻurbat kutadi.
Sening yoningdagi eng shirin damlar,
Koʻz ochib-yumgulik onda oʻtadi.
Shunda ham dildagi sogʻinching uygʻoq,
Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq!
Uzoqlab ketsam ham, erkam, yoningdan,
Koʻzimga oʻrnashar koʻzlaring rangi.
Qiyindir ajralib yashash joningdan,
Yurakni ezadi xayollar jangi.
Bagʻrimni kuydirar bir oʻtli firoq,
Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq!
Ufqqa singib ketar qizil roʻmoling,
Ortimdan termulib qolasan gʻarib.
Tushimga kiradi har tun jamoling,
Yursam men shaharda kuyib, sargʻayib.
Men ketgach poyingni quchar hoʻl tuproq,
Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq!
✍🏻 Muallif: lu'lu'ayn