SOGʻINDIM
Yuribman hozircha yer kurrasida,
Sharqiy yarimsharning kungurasida.
Umr o‘rtasida...
E, xullasi-da
Yoshligimni, sho‘x-sha’nlarni sog‘indim!
Shafaq yolqinlanar terak bargida,
Bir mahalla bola o‘yin dardida,
“Uyga, uyi yo‘qlar tupka tagiga!”
“Landi-landi”, “ushlang”larni sog‘indim!
Sog‘indim, sog‘indim, sizni bo‘lakcha!
Siz-chi, dikir-dikir, shayton quloqcha!?
Parta chekkasiga chekib yurakcha
Bosh harflar qo‘shganlarni sog‘indim!
Qo‘l va lab tegmagan pokiza qizlar,
Xayoli hayoli, hofiza qizlar,
Ozoda ko‘chalar xotira sizdan
Shomda uyga shoshganlarni sog‘indim!
Osmon to‘la yulduz – sog‘inar odam,
Nega endi tuyqus sog‘inar odam?
Qayerdasiz, Yulduz?!
Sog‘inar odam.
Xushbo‘y, xushbaxt, xush damlarni sog‘indim!
✍🏻 Jamoliddin Badalov
@luluayn