- Mana, oling, - Yusuf enasining hovuchiga bir nechta konfet qoʻyarkan, uning eti ustixoniga yopishib ketganini va qaltirab turganini koʻrib, koʻngli buzildi. Bir zum xayolga berildi. Yaqindagina bu qoʻllar baquvvat edi, epchil edi, dam Yusufni, dam boshqa nevaralarini koʻtarib yurardi. Hatto ancha katta boʻlib, bemalol yugurib ketganlarida ham xarxasha qilib, "opichlang" deyishsa, ena hech e'tiroz bildirmay ularni koʻtarib olardi. Buni koʻrganlar va ayniqsa, Odil aka bilan Halima aya "Apa, nima qilyapsiz? Oʻzingizni qiynamang? Axir bular kotta boʻpqolishdi-ku", deyishsa ham, "Mayli qoʻyaber, uch-toʻrt yildan keyin yanayam kotta boʻp ketishsa, shu baxtdan ham ayrilib qolaman", derdi aya. Oʻziga yomonlik qilganlardan ham arazlashni, ularga qasddan ish qilishni bilmasdi. Hatto bolalarning iltimoslarini ham qaytarolmasdi. Toʻrt-besh yosh nimasi, agar Yusuf hozir "Ena, meni opichlang" desayu, bunga enaning qurbi yetsa, hech ikkilanmay, "Kel, bolam", derdi. Lekin endi kampir hatto oʻzini ham idora qilolmaydigan alfozda yotibdi. Faqat Yusuf uzoqda, ularga qarasha olmaydi. Aslida enaga eng koʻp qarashi lozim boʻlgan odam shu - Yusuf. Yoshiligida enaning qoʻllaridan tushmay, uning yonida qancha ertaklar eahitib katta boʻlgan ham u. Endi vaqti kelib, qarashish, yordamlashish gali yetganda qayerlarda yuribdi u?!
Asardan parcha
📚 "Muvozanat" / Ulugʻbek Hamdam