Sanjar Mukhammadov
Oydin kechalarda yulduz ko‘rinmas,
Zulmat qoplaganda chaqnar samolar.
Dardsiz yuraklarga shodlik bilinmas,
Baxtning bahosini bilar baxtsizlar...
Umri bahor bo‘lgan gulning qadrini,
Qahraton ayozda muzlagan bilur.
Ko‘rmayin yashagan ko‘zning mehrini,
Zulmatda paypaslab izlagan bilur.
Visolning lazzati totli bo‘larmish,
Hijron olovida kuyib ko‘rganga.
Yashamoq ne’mati shirin kelarmish,
Ming bor o‘lib, yana tirik yurganga.
Shunday ekan, ey do‘st, nolima aslo,
Taqdir sinovida egsang hamki bosh.
Baxtning ne ekanin anglamas aslo,
Ko‘zidan oqmagan bir tomchi ko‘z yosh.
Sanjar Mukhammadov | 01.11.2026.